Bolalarning dam olishini tashkil etish departamenti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tashkil etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 19 noya — Sputnik. “Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida quyidagilar tashkil etiladi:
• Bolalar sog‘lomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga ko‘maklashish jamg‘armasi;
• Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti.
“Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan kasaba uyushmalari a’zolarining farzandlari dam olishi va ularni sog‘lomlashtirish xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida har bir yo‘llanma uchun BHMning 2 baravari (600 ming so‘m), biroq yo‘llanma narxining 50 foizidan oshmagan miqdorda oromgohlarga kompensatsiya to‘lanadi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, 2023-yil 1-yanvardan:
• Mahalliy budjetlar daromadlarining prognozdan oshirib bajarilgan qismining 10 foizi har chorakda Jamg‘armaga yo‘naltiriladi;
• Davlat organlari va tashkilotlari o‘z xodimlarining farzandlari uchun sotib olingan oromgohlar yo‘llanmalari narxining 50 foizigacha, ammo har bir yo‘llanma uchun BHMning 1 baravaridan (300 ming so‘mdan) oshmagan qismi ish beruvchilar tomonidan kompensatsiya qilib berilishi mumkin.
Shuningdek, bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etiladi.