TOShKENT, 17 noya — Sputnik. “Chirchiq” texnoparkidan ilk bor mahsulot eksportga jo‘natildi. Bu haqida Rossiyaning O‘zbekistondagi savdo vakolatxonasi xabar berdi.
Kuni kecha texnopark rezidentlaridan biri – termoplastik elastomerlar va ulardan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi "VR-Plast TPE" MChJ (Tatariston) Qozog‘istonga plastik derazalar va alyuminiy tizimlar uchun 3,7 tonna plomba eksport qildi.
“Bu Chirchiqdan eksport qilinadigan mahsulotlarning birinchi partiyasidir. 2022-yil oxirigacha korxona ishlab chiqarish hajmini 500 tonnaga yetkazish, shundan 100 tonnasini eksport qilishni rejalashtirmoqda”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, eksport hajmini 200 ming dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, mart oyida Toshkent viloyati Chirchiq shahrida "Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki ochilgan edi. Mazkur texnoparkning umumiy maydoni 31,2 gektar bo‘lib, bu yerda dastlabki bosqichda 2 ming 200 ta ish o‘rinlari yaratiladi.