Ukraina Rossiya va NATO o‘rtasida to‘qnashuvni keltirib chiqarishni orzu qilyapti – Polyanskiy

Rossiyalik diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev “Ukrainani muqarrar mag‘lubiyatdan qutqarish” uchun bunday provokatsiyalarga muhtoj.
Sputnik
TOShKENT, 16 noya — Sputnik. Kiyev hukumati NATOni Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarama-qarshilikka tortishni orzu qilyapti. Rossiya Federatsiyasining BMTdagi doimiy vakilining birinchi o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy Polshadagi voqeani izohlash asnosida shunday fikr bildirdi.
“Klassik provokatsiya yoki soxta bayroq operatsiyasi shunday ko‘rinadi. Kiyev rejimi har qanday vositalar, jumladan, ochiq provokatsiya yordamida NATO va Rossiya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvni qo‘zg‘atishni orzu qilyapti”, - deya yozgan u Twitter᾽dagi sahifasida.
Rossiyalik diplomatning qo‘shimcha qilishicha, Kiyev “Ukrainani muqarrar mag‘lubiyatdan qutqarish” uchun bunday provokatsiyalarga muhtoj.
Avvalroq Polsha tashqi ishlar vazirligi 15-noyabr kuni mamlakat sharqidagi Pshevoduv qishlog‘i hududiga Rossiyada ishlab chiqarilgan raketa qulagani, ikki kishi halok bo‘lgani haqida bayonot bergan edi. Shu bilan birga, respublika prezidenti Anjey Dudaning so‘zlariga ko‘ra, o‘q-dorilarning aniq kimga oidligi hali aniqlanmagan. O‘z navbatida, AQSh prezidenti Jo Bayden Polshada qulagan raketa Rossiyadan uchirilgani haqidagi iddaolarni inkor etuvchi dastlabki ma’lumotlar borligini ta’kidladi. Amerika yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, “trayektoriya nuqtayi nazaridan, uning Rossiyadan uchirilgani dargumon”.
Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina-Polsha chegarasi yaqinidagi nishonlarga Rossiya qurollari bilan hech qanday zarba berilmaganini bildirdi. Idoraning ta’kidlashicha, voqea joyidan Polsha ommaviy axborot vositalari tomonidan e’lon qilingan vayronalar fotosuratlarining Rossiya qurollariga hech qanday aloqasi yo‘q. Bu vaziyatni keskinlashtirish maqsadida qasddan uyushtirilgan provokatsiya.