TOShKENT, 16 noya — Sputnik. Polshadagi voqea kim hamon aql-idrok qoldiqlarini saqlab qolgani va kim dunyoni yangi jahon urushiga undashga tayyor ekanini yaxshi ko‘rsatdi. Rossiya Davlat dumasining xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi rahbari, Liberal-demokratik partiya rahbari Leonid Sluskiy Polshaga raketa tushganiga izoh berib, shunday fikr bildirdi.
“Polshadagi voqea kimda aql-idrok qoldiqlari saqlanib qolgani va kim dunyoni uchinchi jahon urushi sari undashga tayyor ekanini yaxshi ko‘rsatdi... Raketa qulagan joyda to‘siq o‘rnatilmasidan, Zelenskiy “Rossiyaning kollektiv xavfsizlikka raketa hujumi” haqida qichqirib, g‘arblik xo‘jayinlarni zudlik bilan “harakat qilishga” chaqirib, jazavaga tusha boshladi. Boltiqbo‘yi davlatlari ham darhol, tergovni kutmasdan, o‘zlarining kulgili qoralashlari bilan hovliqib chiqishdi”, - deya yozdi Sluskiy o‘zining Telegram kanalida.
Shu bilan birga, u “janob rusofoblar” shoshayotganini ta’kidladi: birinchi navbatda, voqea joyidan Ukrainada mavjud S-300 raketalarining qismlariga juda o‘xshash parchalarning suratlari kela boshladi, keyin Pentagon ham xulosa qilishga shoshmaslikka chaqirdi, bundan tashqari, Turkiya prezidenti raketa Rossiya hududidan uchirilmaganini aytdi, deb qo‘shimcha qilgan siyosatchi.
“Shunda Ukraina “NATOning kollektiv xavfsizligiga” zarba bergan bo‘lib qolyaptimi? Shunda kim Vashington shartnomasining (NATO nizomi – tahr.) 5-moddasini qo‘llash bo‘yicha savol berishi kerak? Neonatsistlar rejimining navbatdagi provokatsiyasi haqidagi hikoya”, - deydi Sluskiy.
Polsha ommaviy axborot vositalari 15-noyabr kuni kechqurun Polsha hududiga ikkita raketa tushgani haqida xabar berishdi. Ukraina bilan chegaradagi Lyublin voyevodligida ikki kishi halok bo‘ldi. Respublika Tashqi ishlar vazirligi Polshaga qulagan raketa Rossiyada ishlab chiqarilganligini ma’lum qildi. Polsha prezidenti Anjey Duda esa Varshavada kimning raketalari respublika hududiga tushgani haqida aniq ma’lumotlar yo‘qligini ta’kidladi.
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina-Polsha davlat chegarasi yaqinidagi nishonlarga zarbalar berilmagan va ba’zi e’lon qilingan parchalar suratlarining Rossiya qurollariga aloqasi yo‘q. Polsha ommaviy axborot vositalarining Rossiya raketalari qulagani haqidagi barcha bayonotlari vaziyatni keskinlashtirish uchun ataylab qilingan provokatsiya ekani urg‘ulandi.
Harbiy ekspert Aleksey Leonkovning RIA Novostiga aytishicha, Rossiyaning qanotli raketalari Polsha hududiga tushishi mumkin emas, biroq Ukrainaning kutilmaganda ishga tushgan S-300 raketalari u yerga yetishi mumkin.
Pentagonning ta’kidlashicha, bu vaziyatda ular taxminlar bilan emas, balki aniqlik kiritish uchun yetarli imkoniyatlar mavjud faktlar bilan ishlamoqchi. Shu bilan birga, faktlar olinmaguncha, Pentagon NATO Nizomining 5-moddasi (jamoaviy mudofaa to‘g‘risida) qo‘llanilishi haqida gapirmaydi, dedi harbiy departament matbuot kotibi Patrik Rayder.
AQSh prezidenti Jo Bayden chorshanba kuni G7 va NATO yetakchilarining uchrashuvini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi, shundan so‘ng raketa “trayektoriya jihatidan bu Rossiyadan uchirilgani dargumon” ekanini aytdi.