TOShKENT, 14 noya — Sputnik. Shveysariya Ukrainani qurol-yarog‘ bilan ta’minlamaydi, qurolli mojarolarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita ishtirok etmaydi. Bu haqda RIA Novostiga mamlakat prezidenti Inyatsio Kassis ma’lum qildi.
“Birinchi jahon urushi paytida ham, hatto Ikkinchi jahon urushi paytida ham biz qurol eksport qilmaganmiz”, - dedi Kassis Parij tinchlik forumi chog‘ida.
Shveysariya qurollarni reeksport qilishdan bosh tortgani uchun yevropalik hamkorlari tomonidan bosimga uchraydimi, degan savolga prezident “bosim har doim mavjud”, deya javob berdi.
“Shveysariya, boshqa Yevropa davlatlari kabi, vaziyatning har tomonlama rivojlanishini kuzatib bormoqda. Biz kuchlarni birlashtirdik, YeI sanksiyalariga qo‘shildik, rekonstruksiya (Ukraina) va gumanitar yordam nuqtayi nazaridan harakat qilmoqdamiz. Ammo biz ikki yuz yil davomida aniq va barqaror xavfsizlik va tashqi siyosat yuritish imkonini bergan o‘z yo‘limizda – betaraflik yo‘lida davom etamiz. Biz buni o‘zgartirmaymiz. Biz turgan joyimizda qolamiz va bu biz qilayotgan ishlarga to‘liq mos keladi, deb o‘ylayman”, - dedi u.
Avvalroq Rossiya Ukrainaga qurol yetkazib berilgani uchun NATO davlatlariga nota yuborgan edi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina uchun qurol bo‘lgan har qanday yuk Rossiya uchun qonuniy nishonga aylanishini ta’kidladi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi NATO davlatlari Ukrainaga qurol yetkazib berish orqali “o‘t bilan o‘ynamoqda”, deb ta’kidladi.
Rossiya Federatsiyasi prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukrainaga G‘arbdan qurol-yarog‘ yetkazib berish Rossiya-Ukraina muzokaralarining muvaffaqiyatiga hissa qo‘shmasligi va salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytgan.