TOShKENT, 14 noya — Sputnik. O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchmetodik markazi va Rossiyaning Kommunikatsiyalarni rivojlantirish milliy ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bu haqida Fanlar akademiyasi xabar berdi.
Bitim O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi-metodik markazi direktori Usarova Feruza va Kommunikatsiyalarni rivojlantirish milliy ilmiy-tadqiqot instituti direktor o‘rinbosari Valentina Komleva tomonidan imzolandi.
Fanlar akademiyasi
© Fanlar akademiyasi
Bitimni imzolashdan maqsad xorijiy davlatlarning ilmiy-tadqiqot muassasalari va xalqaro ilmiy tashkilotlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishdan iborat.
Hamkorlikda quyidagilar amalga oshiriladi:
xalqaro ilmiy aloqalarni rivojlantirish, birgalikda ilmiy tadbirlar o‘tkazish;
qo‘shma fundamental va amaliy tadqiqotlar, ilmiy loyihalarni amalga oshirish;
to‘plangan ilmiy axborot, ilmiy va tahliliy materiallar bilan tajriba almashish;
qo‘shma nashriyot loyihalarini amalga oshirish;
akademik mobillik dasturlarini ishlab chiqishga ko‘maklashish;
qo‘shma dasturlarni amalga oshirish;
ilmiy loyihalari xalqaro tanlovlarida turli mamlakatlar vakillarining, jumladan, yosh olimlarning ishtirok etishiga ko‘maklashish.
Ma’lumot uchun, Kommunikatsiyalarni rivojlantirish milliy ilmiy-tadqiqot instituti mamlakatlararo va madaniyatlararo aloqalarni tahlil qilish va prognozlash metodologiyasini ishlab chiqish markazi hisoblanadi.
U do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini, ilmiy diplomatiyani rivojlantirish bo‘yicha tadqiqot, axborot, nashriyot, loyiha ishlarini olib boradi.
Mamlakatlar va mintaqalarning barqaror rivojlanishi, Rossiya va xorijiy davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish sohasida hokimiyat va boshqaruv organlari uchun hujjatlar loyihalari, tavsiyalar ishlab chiqadi.