TOShKENT, 14 noya — Sputnik. Toshkent viloyati tajribasi asosida har bir tuman va shahardagi bittadan madaniyat markazlarida o‘quvchi-yoshlar uchun bir martalik tekin tamaddi qilish xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. Madaniyat vazirligi buni nazarda tutuvchi qaror loyihasini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan.H
Hujjat madaniyat markazlari faoliyatini zamon talablari asosida tubdan takomillashtirishga qaratilgan.
Unda 2023-yil sentabrdan boshlab madaniyat markazlarida musiqa ijrochiligi va ashula to‘garaklarini maxsus o‘quv dasturlari asosida pulli o‘qitishni yo‘lga qo‘yish belgilab berilgan.
Shuningdek, madaniyat markazlarida faoliyat yuritayotgan to‘garaklar, studiyalar va kurslardan tashqari “STEAM – ta’lim” dasturi joriy etilishi va yangi to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ham nazarda tutilmoqda.
Hujjatda keltirilishicha, madaniyat va san’at yo‘nalishidagi to‘garak ishtirokchilarining ishlarini ommalashtirish, targ‘ib qilish hamda sotuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘quvchi-yoshlarning ijodiy ishlarini “Art shop” elektron do‘konlari orqali dunyo bozoriga olib chiqiladi.
Qolaversa, 2024-yil dekabrga qadar Toshkent shahrida barcha qulayliklarga ega bo‘lgan “Yangi O‘zbekiston” madaniyat saroyini “Turkiston” san’at saroyining yozgi amfiteatri negizida barpo etish ham nazarda tutilgan.