Yangi qurilayotgan uylarning qonuniyligini onlayn tekshirish imkoniyati yaratildi

Endilikda uy sotib olayotgan fuqaro xususiy tadbirkorlar tomonidan qurilayotgan uyning Qurilish vazirligi elektron platformasidan ro‘yxatdan o‘tgan yoki o‘tmaganligini tekshirishi kerak - tafsilotlar.
Sputnik
TOShKENT, 11 noya — Sputnik. Endilikda uy sotib olmoqchi bo‘lgan fuqaro qurilayotgan uyning ro‘yxatdan o‘tganligini onlayn tekshirishi mumkin bo‘ladi. Bu haqida AOKAda o‘tkazilgan brifingda Qurilish vazirligi boshqarma boshlig‘i Elor Komilov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, uy sotib olayotgan fuqaro xususiy tadbirkorlar tomonidan qurilayotgan uyning Qurilish vazirligi elektron platformasidan ro‘yxatdan o‘tgan yoki o‘tmaganligini tekshirishi kerak.
“So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ko‘p qavatli uylar qurilishi keskin ko‘paydi. Afsuski, noqonuniy qurilish qilayotgan tadbirkorlar va yangi ko‘p kvartirali uy quraman deb bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotganlar ham tez-tez uchramoqda”, deydi Elor Komilov.
Shundan kelib chiqib, platformaga hamma uchun ochiq bo‘lgan majmua, quruvchi tashkilot nomi va manzili kabi ma’lumotlar joylashtiriladi.
Qurilish davomida fuqarolar mablag‘larini jalb qilayotgan qurilish tashkilotlari maxsus elektron platformadan ro‘yxatdan o‘tishi shart.
Elektron ro‘yxatga kiritish uchun quruvchilardan quyidagi hujjatlar ta’lab etiladi:
Ajratilgan yer uchastkasi va qurilish ishlarini amalga oshirishga birlamchi ruxsat beruvchi hujjatlar;
Kredit ajratish haqida bank kafolat xati;
Loyiha-smeta hujjatlari va ijobiy ekspertiza xulosasi;
Texnik, mualliflik nazorati va davlat nazoratini amalga oshirish bo‘yicha tegishli shartnomalar;
Ulushdorlar tomonidan kiritilgan mablag‘larni jalb qilish uchun tijorat bankida alohida hisob varaq ochilganligi.
Qurilish ishlari tugallangan uylar egalariga topshirilgandan keyin kamida 2-yil davomida qurilish obyekti ekspluatatsiyasining kafolat muddatini amalga oshirib boradi.