Markaziy Osiyo uchun kim bilan savdo qilish foydaliroq - YeOTB ekspertlari

Iqtisodchilar fikricha, Eron va Pokistonga yo‘nalishlar rivojlanishi yangi savdo hamkorlari bilan hamkorlik qilishga yordam beradi.
Sputnik
TOShKENT, 10 noya - Sputnik. Hozir Markaziy Osiyo mintaqasi uchun qit’a janubidagi davlatlar bilan tovar ayirboshlash hanuzgacha atigi 2,5 foizni tashkil etsa ham, Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini kengaytirish imkoniyati mavjud. Bu haqda bugun “Markaziy Osiyo iqtisodiyoti: yangi qiyofa” hisobotini taqdim etgan Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeOTB) tahlilchilari ma’lum qildi.
“Markaziy Osiyo davlatlari Janubiy Osiyoga eksportni, xususan, neft va gaz yetkazib berishni oshirish istiqbollarini ko‘rmoqda, shuningdek, import qilinadigan mahsulotlar, birinchi navbatda, asbob-uskunalar va iste’mol tovarlari turlarini ko‘paytirishdan manfaatdor”, deb yozadi hisobot mualliflari.
Geografik jihatdan mintaqa Hindiston, Pokiston va Janubiy Osiyoning boshqa mamlakatlariga yaqin. Biroq ular bilan savdo-sotiqni rivojlantirish to‘g‘ridan-to‘g‘ri transport yo‘nalishlarining yo‘qligi sabab cheklanmoqda, deydi iqtisodchilar.
“Shimol — Janub” xalqaro transport yo‘lagi hamda Afg‘oniston orqali Eron va Pokistonga transport yo‘nalishlarini rivojlantirish Markaziy Osiyo mamlakatlari tovarlarining ham Janubiy Osiyo bozorlariga, ham Fors ko‘rfazi dengiz portlari infratuzilmasi orqali jahon bozoriga ham chiqishini osonlashtiradi”, deyiladi Sputnik tanishgan tadqiqotda.
Misol tariqasida bank tahlilchilari joriy yilda Janubiy Osiyo bilan savdo aloqalarini faollashtirgan O‘zbekistonni keltirmoqda. Respublika birinchi marta Pokistondan go‘sht import qildi, shuningdek, Pokiston bug‘doyini import qilish imkoniyatlarini o‘rgana boshladi, deya ta’kidlaydi YeOTB iqtisodchilari. O‘zbekiston Hindiston bilan ham savdo-sotiqni kengaytirishni maqsad qilgan, bu haqda ikki davlat vakillari ShHTning Samarqand sammitida ham muhokamalar o‘tkazgan.
An’anaviy iqtisodiy hamkorlarga kelsak, ularning ro‘yxati o‘zgarmaydi, deb ta’kidlaydi YeOTB.
“Mintaqaning farovonligi ko‘p jihatdan Xitoy va Rossiya bilan Markaziy Osiyo davlatlari uchun foydali bo‘lgan iqtisodiy hamkorlik formatini yo‘lga qo‘yish va tranzit imkoniyatlaridan foydalanishga bog‘liq bo‘ladi. Dunyoning boshqa iqtisodiy markazlari mintaqaga kamroq ta’sir o‘tkazadi”, deyiladi hisobotda.
YeOTB ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash ulushi 21,6 foizni, Xitoy bilan esa 20,4 foizni tashkil qilgan. Markaziy Osiyo davlatlarining ushbu ikki davlat o‘rtasidagi transport yo‘laklari tutashgan joyda qulay joylashishi ularning tranzit yo‘nalishlarini – ham yuk tashish, ham transchegaraviy ishlab chiqarish zanjirlarida ishtirok etish imkoniyatlarini oshiradi.