TOShKENT, 9 noya — Sputnik. AQSh ma’muriyati Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiydan Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazish mumkin emasligi xususidagi bandni muloqotni boshlash shartlari ro‘yxatidan olib tashlashga undayapti. Bu haqda “Politico” gazetasi o‘z manbalariga tayangan holda yozmoqda.
Nashrning ta’kidlashicha, 7-noyabr kuni Zelenskiy Moskva bilan muzokaralarni boshlash uchun beshta shartni sanab o‘tgan, ular orasida Putin bilan muzokara o‘tkazish mumkin emasligi haqida hech narsa aytilmagan. “Politico”ning yozishicha, pozitsiyaning o‘zgarishi “AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyatining yumshoq turtkisi bilan bevosita bog‘liq”.
“Politico” ma’lumotlariga ko‘ra, Zelenskiy Kiyev va Vashington o‘rtasidagi uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng, jumladan, AQSh milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivanning Ukrainaga tashrifi chog‘ida o‘z yondashuvini yumshatgan. AQSh rasmiylari Zelenskiydan muzokaralar bo‘yicha o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘ramagan, biroq Kiyev butun dunyoga mojaroni tinch yo‘l bilan tugatishga tayyorligini ko‘rsatishi kerakligini bildirgan. Nashr manbalaridan birining aytishicha, Vashington muzokaralar zudlik bilan boshlanishi kerak deb hisoblamaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya rahbariyati hamon Ukraina bo‘yicha muzokaralarga tayyor ekanini ma’lum qilgandi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya G‘arb rasmiylari Moskva manfaatlarini hisobga olgan holda vaziyatni yumshatish bo‘yicha suhbat tashkil etishni taklif qilsa, ularni tinglashga tayyor.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 24-fevral kuni Ukrainada maxsus harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qilganidan so‘ng G‘arb Rossiyaga qarshi keng ko‘lamli sanksiyalar kiritdi va qurol-yarog‘ va harbiy texnika yetkazib berish hajmini milliardlab dollarga oshirdi.
Moskva bir necha bor G‘arb qurollarini yetkazib berish Ukrainadagi mojaroni uzaytirishini va qurol ortilgan transport vositalari Rossiya armiyasi uchun qonuniy nishonga aylanishini bir necha bor ta’kidlagan.