TOShKENT, 8 noya — Sputnik. Afg‘oniston hamon mintaqada terrorchilik tahdidining ehtimoliy manbai bo‘lib qolmoqda. Bu haqda MDH aksilterror markazi rahbari Yevgeniy Sisoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT)ning Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.
“Terrorchilik faoliyatining umumiy darajasi biroz pasayganiga qaramay, Afg‘onistondagi vaziyat og‘irligicha qolmoqda”, - dedi Yevgeniy Sisoyev.
Ekspertning fikricha, barqarorlikni buzuvchi asosiy omillardan biri bu radikal islomiy guruhlar tomonidan davom etayotgan terrorchilik tahdididir.
IShID*ning Yaqin Sharqdan Afg‘oniston shimoliga o‘tishi to‘xtamayapti. Shu bilan birga, radikallar “Al-Qoida”* bilan aloqalarni kuchaytirmoqda. Xoqoniy* tarmog‘i amaldorlari bilan mustahkam aloqalar ularga Afg‘onistonning to‘rt viloyati rahbariyatiga kirishga imkon berdi, ulardan biri O‘zbekiston bilan chegaradosh”, - dedi u.
Ekspertga ko‘ra, shu nuqtayi nazardan, beqarorlikning Hamdo‘stlik va Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga eksport qilinishi ehtimoli yuqori. Ta’kidlanishicha, ayni paytda vaziyatni beqarorlashtirishda G‘arb davlatlari muhim rol o‘ynaydi.
“Iqtisodiy va siyosiy bosim vositalaridan foydalanib, G‘arb Xoqoniy* tarmog‘ida harakatning jangari qanotini kuchaytirish uchun sharoit yaratishda davom etmoqda”, - deya ta’kidladi Yevgeniy Sisoyev.
Radikal guruhlarning harakatlari nafaqat terrorchilik tahdidini keltirib chiqarmoqda, balki jiddiy mintaqaviy transport loyihalari muvaffaqiyatini ham shubha ostiga qo‘yadi, deb hisoblaydi MDH aksilterror markazi rahbari.
Yevgeniy Sisoyevning fikricha, bu muammolarga jahon hamjamiyatining, jumladan, vakolatli organlar va ixtisoslashgan xalqaro tashkilotlarning umumiy sa’y-harakatlarini birlashtirish orqaligina qarshi turish mumkin.
Aksilterror markazi 2023-yilda Qirg‘izistonda o‘tkaziladigan ikkita yirik tadbirga tayyorgarlik ko‘rmoqda: MDHning qo‘shma aksilterror mashg‘ulotlari va MDHning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha birinchi xalqaro konferensiyasi.
* Rossiya va qator davlatlarda taqiqlangan terrorchilik tashkilotlari