TOShKENT, 7 noya — Sputnik. O‘zbekiston to‘qimachilik eksportini 4,3 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga tegishli topshiriq berdi.
Davlat rahbari matbuot kotibi xabariga ko‘ra, buning uchun:
Yevropa, Turkiya, Misr, Marokashga gazlama, trikotaj mato eksportiga transport xarajatlari 2024-yil 1-yanvargacha 70 foiz qoplab beriladi;
kamida 50 xil turdagi yangi tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarish dasturi tasdiqlanadi;
yangi turdagi tayyor tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalariga 100 million dollar, gilamchilik uchun 50 million dollar yo‘naltiriladi;
to‘qimachilik industrial zonalari infratuzilmasiga 200 milliard so‘m yo‘naltiriladi;
yil yakuniga qadar Turkiya, Eron, Belgiyadan texnologiya va mutaxassislar (dizayner va texnolog) olib kelinadi.
Avvalroq Rossiyada o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarining o‘nlab multibrend do‘konlari ochilishi xabar qilingan edi.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi Ilhom Haydarovning aytishicha, allaqachon bu uchun joylar tashkil etilib, savdo uylari infratuzilmasi rivojlanmoqda.
Qayd etish joizki, Rossiya O‘zbekiston tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini eng ko‘p import qiluvchi davlatlardan biridir.