Moliyaviy qoidabuzarlik haqida xabar berganlar mukofotlanishi mumkin

Davlat moliyaviy nazorati sohasida qoidabuzarlik haqida xabar berganlarni rag‘batlantirish taklif qilinmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 6 noya — Sputnik. O‘zbekistonda davlat moliyaviy nazorati sohasidagi qoidabuzarlik haqida xabar berganlarni rag‘batlantirish taklif qilinmoqda. Moliya vazirligi tegishli nizom loyihasini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan.
Hujjatga ko‘ra, davlat moliyaviy nazorati obyektlarida mablag‘larning va tovar-moddiy qiymatliklarning kamomadiga, o‘zlashtirishga, talon-tarojliklarga yo‘l qo‘yilishi holatlari haqida “Davlat auditi” maxsus dasturi orqali xabar bergan jismoniy shaxslarga quyidagi miqdorlarda bir martalik pul mukofotlari to‘lanadi:
Bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 30-100 baravarigacha zarar bilan bog‘liq bo‘lgan huquqbuzarliklar bo‘yicha – BHMning 1 baravari miqdorida (hozir u 300 ming so‘m);
BHMning 100-300 baravarigacha zarar bilan bog‘liq bo‘lgan huquqbuzarliklar bo‘yicha – BHMning 2 baravari miqdorida;
BHMning 300-500 baravarigacha zarar bilan bog‘liq bo‘lgan huquqbuzarliklar bo‘yicha – BHMning 3 baravari miqdorida;
BHMning 500 baravaridan ziyod zarar bilan bog‘liq bo‘lgan huquqbuzarliklar bo‘yicha – BHMning 4 baravari miqdorida.
Mukofot puli huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslardan yetkazilgan zarar undirilgandan so‘ng naqd pulsiz ko‘rinishda, ya’ni shaxsning bank plastik kartasiga o‘tkaziladi.
Qoidabuzarliklar haqida xabarlarni Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasiga yuborish kerak bo‘ladi. Buning uchun yagona identifikatsiya tizimida (One ID) ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lish kerak.
Huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar faqat Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan saqlanadi va uchinchi shaxslarga oshkor etilmaydi.
Hujjat muhokamasi 17-noyabrga qadar davom etadi.
Avvalroq davlat organlari va tashkilotlarining qorovullik xizmatlari huquqbuzarliklar haqida xabar berganlik uchun mukofotlanishi mumkinligi xabar qilingan edi.