Noyabrda Afg‘oniston bo‘yicha Moskva formati yig‘ilishi o‘tkaziladi

Rossiya prezidentining maxsus vakili noyabr oyining o‘rtalarida Afg‘oniston bo‘yicha Moskva formati yig‘ilishini o‘tkazish rejalashtirilganini ma’lum qildi.
Sputnik
TOShKENT, 3 noya — Sputnik. Afg‘oniston bo‘yicha Moskva formati yig‘ilishi joriy yil noyabr oyining o‘rtalariga rejalashtirilgan. Bu haqda Rossiya prezidentining maxsus vakili, Rossiya TIV Osiyo bo‘yicha ikkinchi departamenti direktori Zamir Kabulov ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, amerikaliklar bilan turli ko‘p tomonlama formatlar, jumladan kengaytirilgan “uchlik” (Rossiya, Xitoy, AQSh, Pokiston) muzokaralari tajribasi shuni ko‘rsatdiki, “okean ortidagi hamkasblar ulardan o‘zlarining mintaqa manfaatlariga zid ustunligini saqlab qolishdek xudbin maqsadlarini ilgari surish uchun foydalanayotganini ko‘rsatdi”.
“Shuni hisobga olib, biz Moskva formati (Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston) doirasidagi ishlarga e’tibor qaratish niyatidamiz, uning navbatdagi yig‘ilishini noyabr oyining o‘rtalarida Moskvada o‘tkazish rejalashtirilgan”, - deb yozadi Kabulov “Nezavisimaya gazeta”dagi maqolasida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26-iyul kuni Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazilgandi. Unda ishtirok etgan Afg‘oniston muvaqqat hukumati Tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiy AQShni hech qanday shartlarsiz mamlakatning muzlatilgan pullarni qaytarishga chaqirgandi. Bundan tashqari, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Afg‘onistonning xorijdagi moliyaviy aktivlariga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash muhim ekanligini qayd etgan.
Nufuzli tadbirda 20 dan ortiq davlatning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari, o‘nlab xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislari, shuningdek, Afg‘oniston muvaqqat hukumati delegatsiyasi ishtirok etdi.