O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘zaro sayyohlar oqimini ko‘paytirish borasida hamkorlik qiladi

Qozog‘iston tomoni O‘zbekistonda turizm sohasining rivojlanish sur’atlariga yuqori baho bergan.
Sputnik
TOShKENT, 1 noya — Sputnik. Qozog‘iston O‘zbekistonning turizm sohasi rivojlantirish tajribasini o‘rganishga qiziqish bildirmoqda. Mamlakatlar o‘zaro sayyohlar oqimini oshirish va tajriba almashish borasida hamkorlik qilishadi. Bu haqda Toshkent shahri hokimligi xabar berdi.
Poytaxt Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sanjar Tojiyev boshchiligidagi mas’ullar Qozog‘istonning Turkiston viloyati delegatsiyasi bilan uchrashgan.
Uchrashuvda Turkiston viloyati Turizm boshqarmasi rahbari Gulmira Axberdiyeva O‘zbekistonda turizm sohasining rivojlanish sur’atlariga yuqori baho bergan va ushbu yo‘nalishdagi tajribani o‘rganishga qiziqish bildirgan.
Axberdiyeva o‘zaro sayyohlar oqimini oshirish va tajriba almashish borasida kelgusida hamkorlik qilishga umid bildirgan.
Sanjar Tojiyev esa prezidentning bevosita tashabbusi va qo‘llab-quvvatlashi natijasida mamlakatda turizmni milliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, hududlarni jadal rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholining daromadlari va turmush darajasini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganini qayd etdi.
U qozog‘istonlik mehmonlarning tashabbus va takliflarini qo‘llab-quvvatlab, Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi ularga har tomonlama ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mintaqalararo hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va tizimli rivojlantirishga kelishib olishdi.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilning yanvar-sentabr oylarida 3,6 mln chet el fuqarolari turistik maqsadlarda O‘zbekistonga kelgan. Qozog‘iston mamlakatga kelayotgan sayyohlar bo‘yicha birinchi o‘rinda (1 milliondan ziyod kishi). Keyingi o‘rinlarda Qirg‘iziston (952,1 ming kishi), Tojikiston (950,3 ming kishi) va Rossiya (395,1 ming kishi).