TOShKENT, 31 okt — Sputnik. Afrika qit’asining Uganda davlatida Ebola virusi tarqalmoqda. Bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga tayanib xabar berdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Gebreyesus xastalik epidemiyaga aylanib, boshqa hududlar aholisiga ham xavf solishidan jiddiy tashvishda.
Aslida xavotirlar o‘rinsiz emas. Chunki Uganda Sog‘liqni saqlash vazirligi 20-sentabr kuni mamlakatda ilk kasallanish holati ro‘yxatga olinganini ma’lum qilgan edi.
Biroq oradan ikki hafta o‘tib, virus dastlabki o‘chog‘i bo‘lgan — Mubende tumanidan to‘rtta qo‘shni tumanga tarqalib ulgurdi.
“Ebolani jilovlash oson kechmaydi. Buning uchun birgalikdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirish lozim. Qolaversa, xastalik haqida jamoatchilikni keng xabardor qilish epedimiyaga qarshi kurash samaradorligini oshiradi", deydi JSST rahbari.
Ma’lumot uchun, Ebola virusining yashirin muddati 21 kungacha davom etadi. Eng yomoni, uni yuqtirganlarning o‘rtacha 50 foizi kasallik oqibatida hayotdan ko‘z yumadi. Hatto ba’zi hollarda bu ko‘rsatkich 90 foizga ham yetgan.