TOShKENT, 30 okt — Sputnik. O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 24,9 foizga o‘sdi. Bu haqida Davlat statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Shu yil yanvar - sentabr oylarida O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik ish haqi 3,72 mln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 2,97 mln so‘m bo‘lgan edi.
Eng yuqori maosh olayotgan soha vakillari:
Dasturlash sohasidagilar – 10,4 mln so‘m.
Bank, moliya va sug‘urta sohalarida faoliyat olib borayotganlar — 9,73 mln so‘m.
Axborot va aloqa sohasida ishlayotganlar – 6,97 mln so‘m.
Tashish va saqlash sohasidagi xodimlar – 4,85 mln so‘m.
Eng kam daromad sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar (2,51 mln so‘m) va ta’lim (2,59 mln so‘m) sohalarida qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston mehnat bozorida ish beruvchilar bo‘lg‘usi xodimdan bir vaqtning o‘zida 4 yoki 5 ta ko‘nikmaga ega bo‘lishni talab qilmoqda. Unga ko‘ra, ish beruvchilar bo‘lg‘usi xodimlardan bir yillik ish staji, oliy ma’lumot, jamoada ishlash, muzokaralar olib borish, malakali nutq, muloqot, omma oldida taqdimot qilish qobiliyatlari, chet tillarini bilish kabi ko‘nikmalarga ega bo‘lishlarini so‘ramoqda.