TOShKENT, 30 okt — Sputnik. O‘zbekiston yurak-qon tomir tizimi kasalliklari oqibatida yuzaga kelayotgan o‘lim holatlarini oldini olish maqsadida kardiojarrohlik muolajalar sonini oshirdi. Bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Tahlillarga ko‘ra, jahonda yuz berayotgan o‘lim holatlarining qariyb 60 foizi yurak-qon tomir tizimi kasalliklari oqibatida kelib chiqmoqda. Qolaversa, bu turdagi xastaliklar hanuz nogironlikka yetaklovchi eng asosiy sabablardan biri.
Shu bois O‘zbekistonda mazkur yo‘nalishda eng ilg‘or innovatsion texnologiyalar, tashxislash va muolaja usullarini joriy etishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Keyingi ikki yilda quyidagi muolajalar soni oshirildi:
koronarografiya amaliyoti — 3,8 barobar,
stentlash operatsiyalari — 4,3 barobar,
kardiojarrohlik — 613 dan 5 106 taga.
“Amalga oshirilayotgan profilaktik va davolash choralari tufayli yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘lim ko‘rsatkichi o‘tgan yilgi 61,7 foizdan 56,2 foizgacha kamaydi”, deyiladi xabarda.
Kardioxirurgiya sohasida hududlarda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari turi bosqichma-bosqich 15 tadan 35 tagacha oshirildi.
Misol uchun, Xorazm, Qashqardaryo, Samarqand, Jizzax viloyatlarida 40 turdan ortiq yuqori texnologik kardiojarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yildi. Natijada ushbu hududlardan markazga bemorlarning murojaatlari 40 foizga kamaydi.
Ikki hududda ilk bor transkateter orqali aorta qopqog‘ini o‘rnatish, onkologik kasalliklarda arteriyaning kimoviy embolizatsiyasi va aorta anevrizmasiga stent-graft o‘rnatish amaliyotlari bajarildi.