TOShKENT, 30 okt — Sputnik. Nodirbek Abdusattorov Reykavik shahrida “World Fischer Random Chess Championship 2022” musobaqasining 3-o‘rini uchun Magnus Karlsenga qarshi dona suradi. Bu haqida Sportni rivojlantirish vazirligi xabar berdi.
Bugun, Nakamura va Nepomnyashiy Fischer Random yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionligi uchun dona sursa, Abdusattorov va Karlsen 3-o‘rin sohibini aniqlash uchun kurashadi.
Chempionat g‘olibi 150 ming, 2-o‘rin sohibi 85 ming, 3-o‘rindan joy olgan shaxmatchi 55 ming, 4-o‘rin bilan kifoyalangan shaxmatchi 40 ming dollar bilan mukofotlanadi.
Eslatib o‘tamiz, jahon chempionatida Nodirbek Abdusattorov muddatidan oldin yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi.
U “A” guruhida yetakchi sifatida 10 ochkoga ega bo‘lgan holda 1/2 finalga yo‘l oldi va kecha “B” guruhida 2-o‘rinni egallagan amerikalik Xikaru Nakamura bilan final masalasini hal etish uchun ro‘baro‘ keldi. O‘tkazilgan murosasiz o‘yinda Nodirbek kutilmaganda amerikalik shaxmatchiga imkoniyatni boy berdi.
Ikkinchi yarim finalda amaldagi jahon shaxmat toji sohibi, norvegiyalik Magnus Karlsen FIDE bayrog‘i ostida harakatlanayotgan rossiyalik Yan Nepomnyashiyga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi.