TOShKENT, 30 okt — Sputnik. Jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan va jazo muddatini o‘tab bo‘lgan xotin-qizlar kasb-hunarga o‘qitiladi. Ichki ishlar vazirligi tegishli qonun loyihasini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan.
Hujjat loyihasida jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan, jazo muddatini o‘tab bo‘lgan xotin-qizlarni muammolarini o‘rganish va hal etish tartibini belgilash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan, probatsiya nazoratidagi va jazo muddatini o‘tab bo‘lgan xotin-qizlarni mehnat bozorida raqobatbardosh kasb-hunar turlariga o‘qitish orqali ularni bandligini ta’minlash tartibi belgilanmoqda.
Unga ko‘ra, xotin-qizlar tikuvchilik, bichuvchilik, to‘quvchilik, kashtachilik, dizayner, sartarosh, pazandachilik kabi kasblarga o‘qitiladi.
Xotin-qizlarning muammolari quyidagi tartibda o‘rganadi:
xotin-qizlar murojaatlari tahlil qilinadi;
xotin-qizlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkaziladi.
Bunda inspektorlar xotin-qizlar bilan suhbat o‘tkazib, ularning qanday faoliyat bilan shug‘ullanishi, turmushga moslashishida qanday yordamga ehtiyoji borligini aniqlaydi.
Hujjat qabul qilinsa, xotin-qizlar orasida tadbirkorlikni oshirish va kambag‘allikni qisqartirish kutilmoqda. Shuningdek, ayollarni bandligini ta’minlash orqali ular tomonidan sodir etiladigan huquqbuzarliklarni oldini olish ham nazarda tutilgan.
Og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatiladi.
Xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.