Farg‘onada Markaziy Osiyo tibbiyot universiteti ochildi

Oliygoh, bu yil davolash ishi, stomatologiya va pediatriya yo‘nalishlarida 600 nafar talabani qabul qilgan bo‘lsa, kelgusi o‘quv yilidan boshlab 1500 nafar talaba o‘qishga qabul qilinadi.
Sputnik
TOShKENT, 28 okt — Sputnik. Farg‘onada Markaziy Osiyo tibbiyot universiteti ochildi. Ushbu oliygoh loyihasi uchun tadbirkorning o‘z mablag‘lari hisobidan 128 milliard so‘m yo‘naltirildi.
Universitet viloyatdagi “Meridian Diagnostic Hospital” MChJ muassisligida tashkil etildi.
Universitet tibbiyotning eng zarur yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, oliy ta’lim – amaliyot – tibbiy muassasalar uzviy integratsiyasini yo‘lga qo‘yishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Oliygoh, bu yil davolash ishi, stomatologiya va pediatriya yo‘nalishlarida 600 nafar talabani qabul qilgan bo‘lsa, kelgusi o‘quv yilidan boshlab 1500 nafar talaba o‘qishga qabul qilinadi.
Markaziy Osiyo tibbiyot universiteti
“Meridian Diagnostic Hospital tarkibida hozirgi kunda viloyatimizda deyarli barcha yo‘nalishlarni qamragan 10 ta tibbiy diagnostik klinikalar faoliyat olib bormoqda. Bu esa talabalar uchun kuchli amaliyot bazasini taqdim etadi”, deyiladi xabarda.
Oliygohda respublikada tibbiyot sohasida ko‘zga ko‘ringan professor-o‘qituvchilar, malakali xorijlik mutaxassislar ta’lim berishadi.
Ma’lumot uchun, viloyatda oliy ta’lim muassasalari soni 12 taga yetdi. Yaqinda Qo‘qonda oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.