MB raisi: Rossiya bilan hamkorlik taraqqiyotimizga ijobiy ta’sir ko‘rsatishda davom etadi

Nurmurodov mamlakatning rivojlangan davlatlar bilan o‘zaro moliyaviy munosabatlarni amalga oshirishi bu tendensiyaga aylanib bo‘lganini ta’kidladi.
Sputnik
TOShKENT, 27 okt — Sputnik. Rossiya va Xitoy davlatlari bilan hamkorlik O‘zbekiston taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishda davom etadi. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmurodov ma’lum qildi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Ta’kidlanishicha, 2023-yilda iqtisodiy o‘sish darajasi real hisobda 4,5-5 foiz atrofida, 2024-yilda 5-6 foiz va 2025-yilda 6-6,5 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
“Ayrimlar O‘zbekiston moliyaviy munosabatlari Rossiya va Xitoy bilan aloqasini ularga qaramlik deb baholamoqda, ammo bu noto‘g‘ri. Hozirgi global sharoitda mamlakatning rivojlangan davlatlar bilan o‘zaro moliyaviy munosabatlarni amalga oshirishi bu tendensiyaga aylanib bo‘ldi. Tan olish kerakki, Rossiya va Xitoy davlatlari bilan hamkorligimiz mamlakatimiz taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishda davom etadi”, - dedi Nurmurodov.
Qayd etish joizki, keyingi yillarda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Rossiya sherikligi misli ko‘rilmagan yuksak darajaga ko‘tarildi.
O‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalar kengayib bormoqda. Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan tovar ayirboshlash ikki barobardan ziyod ko‘paydi, o‘tgan yetti oyda esa o‘zaro savdo 30 foizdan ortiq o‘sdi. E’tiborlisi, ikki tomonlama savdo hajmining 70 foizi yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlardan iborat.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yil 1-oktabr holatiga respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxona va tashkilotlar soni 14 768 tani tashkil etgan. Rossiya 18,7% ulushi bilan ular soni bo‘yicha yetakchi – 2 764 ta.