Qishki poliz ekinlari nega asosan Jizzax hududida yetishtiriladi

Tajribali dehqon Azizxon To‘raxonov qishki poliz ekinlarini nima uchun aynan Jizzaxda yetishtirilishi kerakligini aytdi.
Sputnik
TOShKENT, 26 okt — Sputnik. Havo ancha salqinlab, kuz faslining oltinga qiyos kunlari ham o‘tib bormoqda. Oldinda yog‘ingarchilikka to‘la noyabr va kumush qish fasli turibdi. Tajribali dehqon Azizxon To‘raxonov qishki poliz ekinlari nima uchun aynan Jizzaxda yetishtirilishi kerakligi va yetishtirish sirlari haqida so‘zlab berdi.

"Men asli Farg‘ona viloyatida tavallud topganman. Dehqonchilik ota kasbim, 15-yildan buyon Jizzax viloyatiga poliz ekinlarini ekaman. Boshqa viloyatlarda yetishtirilgan qishki poliz ekinlari u qadar ko‘p saqlanmaydi, Jizzax hududida tuproqning namligi past darajada bo‘lganligi bois poliz ekinlari unumdor pishadi va uzoq muddatgacha saqlanib turadi”, - dedi u Sputnik muxbiri bilan suhbatda.

Qishki poliz ekinlari Jizzaxning Do‘stlik, Zarbdor, Zafarobod, Forish, Arnasoy hududlarida yetishtiriladi. Yozgi poliz ekinlariga qaraganda qishki ekinlar bahor mavsumida biroz kechroq, ya’ni may oylarida ekiladi. Unumdor hosil berish uchun to pishgunicha 2 marotaba selitra o‘g‘iti beriladi.
Kechpishar qovunlarning “Xorazm qirqma”, “qoraqand”, “do‘lonako‘z”, “Gulobi Xorazmiy” “qoraqosh”, “kampirchopon”, “sayli”, “qirqma”, tarvuzlarning “qoratarvuz”, “Hayit qora”, “manzur” kabi navlari bor.
Arbuzi i dini
“Qishki poliz ekinlariga talab katta, masalan, “O‘zbekiston” navli tanasi oq tarvuzni ko‘pchilik iste’mol qiladi. Kechpishar poliz ekinlari havo harorati o‘rtacha qorong‘iroq xonada osib qo‘yilgan holatda saqlanadi. Havo harorati nol gradusdan tushib ketmasligi kerak. Agar tushib ketsa avval tarvuz (chunki shirasi pastroq bo‘ladi), so‘ng qovun muzlaydi. Poliz mahsulotlari muzlagandan keyin iste’molga yaroqsiz holatga keladi, shuning uchun ularni risoladagidek saqlashga e’tibor qaratish lozim”, - deydi dehqon.
Kechpishar poliz ekinlari yerga qadalgan kundan 90 kun o‘tib pishadi. Qovun palagi 4-5 tagacha meva tugadi, biroq faqat 2 tasi bozorga qovun yetishtirib beradi. Tarvuz palagi esa bir yilda 2 marotaba hosil berishi mumkin.
Arbuzi i dini
Dehqon kechki poliz ekinlarini qachon pishishi bilan bog‘liq qiziqarli faktni aytib o‘tdi.
“Kechki qovun va tarvuzlar sentabr oyida Jizzax viloyatida Nizom shamoli bo‘lib o‘tgandan keyin pishadi. Bu mayda qum zarralaridan iborat kuchli shamol bo‘lib, polizdagi qovun va tarvuzga shirin ta’m kiritadi. Nizom shamoli ko‘pincha Qozog‘iston hududidan kirib keladi”, - deydi Azizxon aka.
Arbuzi i dini
Qishki qovun va tarvuzlarni yetishtirishda yer quruq bo‘lishi shart. Agar tuproq namligi yuqori bo‘lsa navi buziladi. Kechpishar qovunlardan ham qoqilar tayyorlanadi.
Arbuzi i dini
Ma’lumot uchun, qishki qovun va tarvuzlar inson salomatligi uchun foydali, xalq tabobatida buyrak va jigarni toksinlarini tozalashda, peshob haydashda, immunitetni mustahkamlashda, stressdan himoyalanishda qo‘l keladi.