Hindiston va Rossiya mudofaa vazirlari ikki tomonlama hamkorlikni muhokama qildi

Shoygu Hindiston mudofaa vaziriga Ukrainadagi o‘zgaruvchan vaziyat haqida ma’lumot berdi, deyiladi xabarda.
Sputnik
TOShKENT, 26 okt — Sputnik. Hindiston mudofaa vaziri Rajnatx Singx Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan telefon orqali muloqot qildi, tomonlar ikki tomonlama hamkorlik va Ukrainadagi vaziyatni muhokama qildi, deb xabar berdi Hindiston Mudofaa vazirligi.

“Telekonferensiya davomida ikki vazir ikki tomonlama mudofaa sohasidagi hamkorlikni, shuningdek, Ukrainadagi vaziyatning yomonlashuvini muhokama qildi. Mudofaa vaziri Shoygu Hindiston mudofaa vaziriga Ukrainadagi o‘zgaruvchan vaziyat, jumladan, “chirkin bomba” provokatsiyalari ehtimolidan xavotirlari haqida ma’lumot berdi”, - deyiladi xabarda.

Hindiston Mudofaa vaziri “Hindistonning mojaroni imkon qadar tezroq hal etish uchun dialog va diplomatiya yo‘liga o‘tish zarurligi haqidagi pozitsiyasini tasdiqladi”.
“U hech bir tomon yadroviy variantga murojaat qilmasligi kerakligini ta’kidladi, chunki yadroviy yoki radiologik qurollardan foydalanish istiqboli insoniyatning asosiy tamoyillariga ziddir”, deyiladi hujjatda.
Ta’kidlanishicha, vazirlar aloqada bo‘lishga kelishib olgan.