TOShKENT, 25 okt — Sputnik. Bir guruh kongressmenlar AQSh prezidenti ma’muriyatiga Ukrainadagi vaziyatni hal qilish uchun Rossiya bilan muzokaralar o‘tkazishga chaqiruvchi maktub yo‘lladi, Oq uy uni qabul qildi. Bu haqda Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, vakillar palatasining 30 nafar a’zosi prezident Jo Baydenga murojaat qilgan. Maktubga Demokratik partiyadagi liberal qanot vakillari, jumladan Jeymi Raskin, Aleksandriya Okasio-Kortes, Ilxan Omar, Kori Bush va Pramila Jaypal imzo chekkan.
Kirbining ta’kidlashicha, Oq uy kongressmenlar nuqtayi nazarini va ularning Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealardan xavotirini hurmat qiladi. Shu bilan birga, u Kiyev ishtirokisiz muzokaralar olib borib bo‘lmasligini, hozircha ular tayyor emasligini ta’kidladi.
“U (Zelenskiy - tahr.) hozir janob Putin bilan muzokaralar olib borish vaqti deb hisoblamaydi. Biz bu fikrni hurmat qilamiz”, deydi Kirbi.
Oktabr oyi boshida Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kiyevning muloqotdan bosh tortishi munosabati bilan Ukraina bo‘yicha hech qanday kelishuvga erishish imkoniyati yo‘qligini, chunki muzokaralar uchun ikki tomon zarurligini ta’kidladi. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov aytganidek, Ukraina bo‘yicha muzokaralar kontekstida Rossiya “hech kimning orqasidan yugurmaydi” va faqat aniq jiddiy takliflarni ko‘rib chiqadi.