O‘zgidromet hafta davomida kutilayotgan ob-havo haqida ma’lumot berdi

Hafta davomida mamlakat bo‘ylab vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 24 okt — Sputnik. Boshlangan yangi haftaning birinchi yarmida O‘zbekistonga Kaspiy dengiz hududlaridan nam va nisbatan sovuq havo massalari kirib keladi. Bu haqda O‘zgidromet xabar bermoqda.
Mamlakat bo‘ylab vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ib, tog‘oldi va tog‘li hududlarda qor yog‘ishi mumkin.
Bugun va ertaga ayrim hududlarda tuman tushishi mumkin. 25-oktabr kuni shimoliy hududlarda, 26-oktabr kuni esa respublika hududining katta qismida shamol 15-20 m/s gacha, hatto 23-25 m/s gacha kuchayishi mumkin. Ba’zi joylarda chang to‘zonlar ham kuzatilishi mumkin.
Harorat ushbu kunlarning o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlaridan 1-2 darajaga past bo‘ladi va kechalari harorat +5…+8 daraja, kunduzi esa +12…+15 darajani tashkil qiladi. 25-oktabrda ba’zi joylarda havo harorati +17...+20 daraja bo‘ladi.
Ish haftasining oxiriga kelib, respublika hududi bo‘yicha nisbatan quruq va iliq ob-havo kuzatiladi. Harorat kechasi +3…+8 daraja atrofida bo‘ladi, kunduzi esa +14…+19 darajadan yuqoriga ko‘tarilmaydi.