TOShKENT, 22 okt — Sputnik. Eron Tashqi ishlar vazirligi o‘z fuqarolariga yaqin kelajakda Ukrainaga sayohat qilishdan tiyilishni tavsiya qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
“Ukrainada harbiy mojarolar avj olgani va beqarorlik kuchaygani munosabati bilan Eronning barcha fuqarolariga ushbu mamlakatga sayohat qilishdan tiyilish tavsiya etiladi. Hozirda Ukrainada bo‘lgan fuqarolar ham o‘z xavfsizligini ta’minlash va hayotini saqlab qolish maqsadida mamlakatni tark etishlari kerak”, - deyiladi Eron TIV tarqatgan bayonotda.
Shu bilan birga, hukumat fuqarolarni xotirjam bo‘lishga chaqirib zarurat tig‘ulganda Eronning Kiyevdagi elchixonasiga murojaat qilish kerakligini bildirdi.
Avvalroq, O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi o‘zbekistonliklardan Ukrainani tark etishni so‘ragan edi. Shuningdek, qator davlatlar, jumladan, Qozog‘iston, AQSh, Xitoy ham o‘z fuqarolarini vaziyat iziga tushguniga qadar, Ukrainaga sayohat qilishdan voz kechishga hamda mamlakatni tark etishga chaqirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 8-oktabr kuni Qrim ko‘prigi ustida yuk mashinasi portlatib yuborildi. Portlash oqibatida ko‘prikning avtomobillar yo‘llaridan biri shikastlandi, parallel yo‘nalishda temir yo‘lda ketayotgan poyezd sisternalari ham zarar ko‘rdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu hodisani terakt deb atadi va uni tashkillashtirishda Ukraina maxsus xizmatlarini aybladi.
Shundan so‘ng 10-oktabr kuni Ukrainaning bir necha shaharlarida infratuzilma obyektlariga yuqori aniqlikdagi raketa zarbalari berildi. Putin Ukraina hududidagi bunday obyektlarga ommaviy zarba Kiyev rejimining jinoyatlariga javob tariqasida berilganini ma’lum qildi va agar Ukraina hukumati Rossiya hududida terakt uyushtirishga bo‘lgan urinishlarini davom ettirsa, Rossiyaning javobi qat’iy bo‘lishidan ogohlantirdi.