TOShKENT, 17 okt — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Olimpiya shaharchasi qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Bu majmua 2025-yilda Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarini o‘tkazishga mo‘ljallangan. Shunga muvofiq, xalqaro sport federatsiyalari talablariga javob beradigan olimpiya stadioni, yopiq va ochiq majmualar, suv sporti va eshkak eshish havzalari, mashg‘ulot joylari qurilishi loyihalashtirilgan.
Bu galgi taqdimotda mazkur yirik loyihaning tashkiliy-moliyaviy jihatlari ko‘rib chiqildi. Mutasaddilar bu borada xorijiy kompaniyalarning takliflari, qurilish materiallari va sport jihozlarini yetkazib berish jadvallari haqida axborot berdi.
Davlat rahbari Olimpiya shaharchasini qurish bilan birga keyinchalik undan samarali foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Prezident majmuani sifatli qurish, Osiyo o‘yinlarini yuqori saviyada o‘tkazish kerakligini ta’kidladi. Yana bir muhim masala – keyinchalik bu shaharchadan qanday foydalanish.
“Shuning uchun musobaqadan so‘ng, bu yerni ham murabbiylar, ham sportchilarni tayyorlaydigan muassasaga aylantirish zarur. Ma’muriy binolarda Sportni rivojlantirish vazirligi va federatsiyalarni ham joylashtirish mumkin. Shunda bu yerda yaxlit sport muhiti bo‘ladi. Yoshlarimiz uchun sport inshootlari qurish bilan birga metodikani ham rivojlantirib borish kerak”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Toshkent shahrining Yashnobod tumanida Olimpiya shaharchasi qurilishi rejashtirilgan. 160 gektarni egallaydigan mazkur shaharchada universal stadion, ochiq va yopiq sport majmualari, yotoqxona, mehmonxona, Chirchiq darosida eshkak eshish havzasi barpo etiladi. Bu infratuzilma yirik musobaqalar o‘tkazish va bo‘lajak Olimpiya zaxiralari instituti uchun o‘quv-mashg‘ulot bazasi bo‘ladi.
Qayd etish joizki, O‘zbekiston 2025-yili yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan IV yozgi Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qiladi. O‘yinlarda qit’adagi 45 ta mamlakat yoshlari 20 ga yaqin sport turi bo‘yicha bellashadi.