TOShKENT, 16 okt — Sputnik. 28-30 oktabr kunlari Namangan shahridagi “Afsonalar vodiysi” istirohat bog‘ida ilk bor Namangan xalqaro asal festivali o‘tkaziladi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Festival davomida 250 dan ortiq mahalliy va xorijlik asalarichilar o‘z mahsulotlarini namoyish etadi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari asal mahsulotlari, asalarichilik, asal yig‘ish va asalari uylari haqida barcha ma’lumotlarni bilib olishi, qolaversa, asal mumidan malham ishlab chiqarish, asalarichilik hunarmandchiligi buyumlarini tayyorlash, asalning bir nechta navlarini tatib ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, tadbir dasturidan O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi turizmini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan “Ilmiy-amaliy konferensiya” va asal ko‘rgazmalari, sport musobaqalari, mehmonlar uchun konsert, shuningdek asalarichilik sohasidagi yetakchi mahalliy va xorijlik asalarichilik sohasidagi mutaxassislardan mahorat darslari o‘rin olgan.
Festival doirasida “Afsonalar vodiysi” istirohat bog‘ida “Eng yaxshi qadoqlangan asal” va “Eng tabiiy asal” nominatsiyalari bo‘yicha tanlovlar o‘tkazish ham rejalashtirilgan.
Festival Turizm va madaniy meros vazirligi Namangan viloyati Bosh boshqarmasi tomonidan tashkillashtirilmoqda.