TOShKENT, 15 okt - Sputnik. “Millionli shahar” loyihasi doirasida Samarqanddagi 42 ta davlat tashkiloti shahar tashqarisiga ko‘chiriladi. Bu haqda shahar hokimi Fazliddin Umarov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, viloyat ma’muriy markazini Gulobod qo‘rg‘oniga ko‘chirish va boshqa tadbirlar ko‘zlangan bosh reja hamda batafsil rejalashtirish loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Samarqand shahrida 178 ta davlat tashkiloti joylashgan. Shaharni “Millionli shahar”ga aylantirishda shaharsozlikning “aqlli shahar” konsepsiyasi asosida tashkil etish, zamonaviy IT-parklarda tizimlashgan texnologik jarayonlarni amalga oshirish, “ekologik toza shahar”ga aylantirish va “xavfsiz shahar” integratsiyalangan tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Buning uchun dastlab 42 ta davlat tashkiloti shahar atrofiga ko‘chirilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 6 ta aholi turar maskanlariga tutash joylarda kichik sanoat zonalari va ishlab chiqarish obyektlari barpo etish ham ayni shu maqsadga qaratilgan.
Loyiha doirasida 7 ta markaziy chorrahalarda muayan vaqtlarda yuzaga keladigan tirbandliklarning oldini olish uchun yo‘l o‘tkazgichlar barpo etish taklifi ishlab chiqilyapti.