TOShKENT, 15 okt - Sputnik. Quvaytda o‘tayotgan yengil atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi qit’a birinchiligida O‘zbekiston terma jamoasi yana 2 ta oltin medalga sazovor bo‘ldi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu gal jamoa hisobiga ko‘pkurashchi Nodir Norboyev hamda balandlikka sakrash bahsida Barnoxon Sayfullayeva oltin medallarni yozib qo‘yishgan.
Ikki kun davom etgan bellashuvlarda Nodir Norboyev 6934 ochko bilan eng yaxshi natijani qayd etgan. Ikkinchi o‘rinni Eron vakili Sina Afshinar (6417) egallagan bo‘lsa, Saudiya Arabistoni vakili Sajjad Al Alxazoli (5674) kuchli uchlikni yakunlab bergan.
“Barnoxon Sayfullayeva esa O‘zbekistonda balandlikka sakrash dasturida kuchli maktab shakllanganini yana bir bor ko‘rsatdi. 1.84 metrga sakragan hamurtimiz eng yaqin ta’qibchilari qozog‘istonlik Alina Chistakova hamda vetnamlik An Bu Tini 11 smga ortda qoldirishga erishdi.”, - deyiladi xabarda.
Avvalroq, Quvaytda o‘tkazilayotgan 18 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi yengil atletika bo‘yicha Osiyo chempionatida Sharifa Davronova oltin medalni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.