TOShKENT, 15 okt — Sputnik. 1992 yilgi Olimpiada chempioni Oksana Chusovitina 29-oktabr kuni Liverpulda boshlanadigan sport gimnastikasi bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etmaydi. Bu haqda uning o‘zi Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
Taniqli gimnastikachining so‘zlariga ko‘ra, u Olimpiya o‘yinlariga saralanadigan bo‘lajak mavsumga tayyorgarlik ko‘rish uchun shunday qarorga kelgan.
“Men bu jahon chempionatiga bormayman, bu men uchun kelasi yil va 2024-yilgidek muhim emas. Shuning uchun ham bor e’tiborimni 2023-2024 yillarga qaratmoqchiman”, - dedi Olimpiada chempioni.
Shuningdek, Chusovitina bu yilgi jahon chempionatida O‘zbekiston sharafini ikki nafar sportchi himoya qilishini qo‘shimcha qildi.
“Ushbu jahon chempionatida ikki nafar sportchimiz qatnashadi, ular mamlakatimiz sharafini himoya qiladi. Shuning uchun men yaxshisi kelasi yilgi chempionatga tayyorgarlik ko‘raman”, - dedi Chusovitina.
Mart oyida Chusovitina Dohada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida tayanch sakrash bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. May oyida u tayanch sakrash bo‘yicha O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi va shundan so‘ng 2024-yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rishga qaror qildi.
Ma’lumot uchun, Oksana Chusovitina ketma-ket sakkiz marta (1992, 1996, 2000, 2004, 2008, 2012, 2016, 2020) Yozgi Olimpiya o‘yinlarida qatnashgan dunyodagi yagona gimnastikachi sifatida “Ginnesning rekordlari” kitobiga kirgan.