TOShKENT, 14 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi davlat rahbarlari kengashining majlisida bir qator takliflar ilgari surildi.
Iqtisodiy aloqalar
Shavkat Mirziyoyev MDH hududida iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanib borayotganini aytib o‘tdi. Xususan, O‘zbekistonning tashkilotga a’zo davlatlar bilan tovar aylanmasi o‘tgan yil yakuniga ko‘ra 35 foizga oshdi, bu yil boshidan buyon esa yana uchdan birga o‘sdi.
Aloqalar asosan mashinasozlik, energetika, kimyo, farmatsevtika, to‘qimachilik va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Birgina so‘nggi oylarning o‘zida O‘zbekistonda MDH mamlakatlaridagi sheriklar bilan 800 dan ortiq yangi korxona ishga tushirildi.
Shu bilan birga, o‘zaro savdodagi to‘siqlarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish zarurligi aytib o‘tildi.
Madaniy aloqalar
MDH hududida madaniy aloqalar ham jadal rivojlanmoqda. Muntazam ravishda festivallar, konsertlar, yarmarkalar, sport va boshqa tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash, sport, madaniyat va san’at borasidagi qo‘shma loyihalar va dasturlar amalga oshirilishida yanada faol ko‘maklashish va ishtirok etishga tayyorligi ta’kidlandi.
2023 yilda Sankt-Peterburg shahrini MDHning madaniyat poytaxti deb e’lon qilinishi to‘g‘risidagi qaror ko‘llab-quvvatlandi.
2024 yilda madaniyat poytaxti nomini olishga Samarqand nomzodi ilgari surildi.
Har yili shaxmat bo‘yicha Hamdo‘stlik ochiq kubogini o‘tkazishni taklif qildi.
Oziq-ovqat xavfsizligi va logistika
Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida narx-navoning sun’iy o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda inflyatsiyani jilovlash maqsadida MDH makonida oziq-ovqat mahsulotlari to‘siqlarsiz yetkazib berilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish muhimligini qayd etdi.
Mamlakatlarimizning transport tizimiga bo‘lgan jiddiy tahdidlarni inobatga olgan holda, yangi logistika yo‘laklarini hamkorlikda rivojlantirish g‘oyat muhimdir. Bu o‘rinda gap “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” hamda “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘llarini qurish loyihalari haqida bormoqda. Ular MDHni transqit’aviy transport tashishlarning muhim zanjiriga aylantirishga ko‘maklashadi.
So‘zining yakunida O‘zbekiston yetakchisi MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Sergey Lebedevning vakolatlari navbatdagi muddatga uzaytirilishini ma’qulladi hamda Sadir Japarovga 2023-yilda tashkilotga raislik faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.