TOShKENT, 12 okt — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyat hokimlariga kuz mavsumida kam ta’minlangan 500 ming xonadonga 10 tupdan mevali daraxtlar ko‘chatini bepul tarqatishni topshirdi. Bu haqda prezident raisligida bo‘lib o‘tgan mahallalarni obod qilish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasining borishi ham ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, “Yashil makon” doirasida yil yakuniga qadar 75 million dona va 2023-yil bahor oylarida yana 125 million dona mevali va manzarali ko‘chatlar ekish vazifasi qo‘yildi.
Aholi xonadonlarida va dala chetlarida ko‘proq mevali daraxtlar va sabzavot ekishni faol targ‘ib qilishi kerakligi ta’kidlandi.
“Daraxt havas bilan ekilishi, xalqimiz, mahallalarimizning madaniyatiga aylanishi lozim”, - deydi prezident.
O‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, 20-oktabrdan 1-dekabrgacha ko‘chat ekish bo‘yicha dolzarb 40 kunlik e’lon qilinadi.