Tramp Ukrainadagi mojaroni yakunlash uchun muzokaralarni boshlashga chaqirdi

AQShning sobiq prezidentining fikricha, muzokaralar o‘tkazilmasa, mojaro uchinchi jahon urushini keltirib chiqarishi mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 9 okt — Sputnik. AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi mojaroni yakunlash uchun zudlik bilan muzokaralar boshlash kerak deb hisoblaydi. Bu haqda siyosatchi Nevada shtatida tarafdorlari oldida nutq so‘zlayotgan paytida ma’lum qildi.
“Bizda hozir Rossiya va Ukraina o‘rtasida mojaro bor. <...> Biz zudlik bilan urushning tinch yakunlanishi borasida zudlik bilan muzokaralar o‘tkazishimiz kerak yoki biz uchinchi jahon urushiga kelamiz”, - dedi Tramp.
4 oktabr kuni Kiyev Moskva bilan muzokaralardan rasman bosh tortdi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukrainaning Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazishning iloji yo‘qligi to‘g‘risidagi qarorini amalga kiritdi.
Bu Rossiya prezidenti Vladimir Putin 30-sentabr kuni Kiyevni zudlik bilan harbiy harakatlarni bas qilish va muzokaralar stoliga qaytishni chaqirganidan keyin ro‘y berdi. Rossiya hukumati mojaroni tinchlik yo‘li bilan hal qilish uchun muzokaralarga tayyorligini takrorlab keladi, Ukraina esa muzokaralardan bosh tortib kelmoqda.

Rossiya-Ukraina muzokaralari

Rossiya-Ukraina muzokaralari 28-fevralda, urush boshlaganidan to‘rt kun o‘tib o‘tkazila boshladi. Belarusda bir nechta uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, keyin muzokarachilar video aloqa orqali muloqotni davom ettirdi. 10-mart kuni Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan diplomatik forum doirasida Turkiya Rossiya va Ukraina Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Dmitriy Kulebaning uchrashuvini tashkil qildi. 29-mart kuni esa Istanbulda yuzma-yuz muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uning yakunlari bo‘yicha Rossiya delegatsiyasi Ukraina tomonidan o‘rganib chiqiladigan va mamlakat rahbariyatiga yetkaziladigan aniq shakllangan pozitsiya va takliflarni oldi.
Biroq, keyinroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina muzokaralar jarayonini sekinlashtirish maqsadida o‘z takliflaridan voz kechib, ko‘plab provokatsiyalar yaratayotganini aytdi.
Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Ukrainada tinchlik Rossiya shartlarida o‘rnatilishini ta’kidlagan edi.