Senatning o‘ttiz uchinchi yalpi majlisi 7-oktabr kuni chaqiriladi

Senatorlar standartlashtirish, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish kabi qonunlarni ko‘rib chiqishadi.
Sputnik
TOShKENT, 5 okt — Sputnik. Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz uchinchi yalpi majlisi 7-oktabr kuni chaqiriladi.
Yalpi majlisda quyidagi qonunlar ko‘rib chiqiladi:
“Standartlashtirish to‘g‘risida”gi;
“Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi;
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi.
Yalpi majlisda geografik obyektlarning nomlari, pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonunlarni muhokama qilish ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, senatorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalarini muhokama qilishadi.
Yalpi majlisda Farg‘ona viloyati hokimining investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti ham eshitiladi.
Senatorlar Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan ikkita parlament so‘rovi natijalarini ham muhokama qilishadi:
Iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohalarida mahalliylashtirish dasturlarining ijrosi;
Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijro etilishi holati.
Yalpi majlis kun tartibi doirasida Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini ham tasdiqlash nazarda tutilgan.