TOShKENT, 4 okt — Sputnik. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini imtiyozli asosda sotib olish uchun platforma ishga tushirildi. Bu haqida Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1-oktabrdan vazirlik huzuridagi Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasining raqamli onlayn platformasi ish boshladi.
Iste’molchilar ushbu platformadan foydalangan holda mamlakatda ishlab chiqarilgan quyosh panellari va quyosh suv isitgichlarini 3-yilgacha foizsiz bo‘lib bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qilishlari mumkin.
Qayta tiklanuvchi energiya qurilmalari narxini to‘liq to‘lagan iste’molchini xarid qilgan xarajatlarining bir qismi Jamg‘arma hisobidan qoplanadi.
Aholi tovar va ishlab chiqaruvchini tanlash huquqi bilan onlayn platforma orqali ro‘yxatdan o‘tishi va xarid qilish uchun ariza topshirishi mumkin.
Hozirda platforma test rejimida ishlamoqda. Ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning takliflarini to‘ldirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev “Energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzolagandi.
Unga ko‘ra, mazkur maqsadlar uchun 2022-yil yakuniga qadar davlat budjetidan jamg‘armaga 100 mlrd so‘m yo‘naltirish topshirilgan. Kompensatsiya miqdori qurilmaning quvvatidan kelib chiqqan holda bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 5 baravaridan 50 baravarini tashkil etadi.