Namanganda “Fizika-2022” xalqaro forumi bo‘lib o‘tmoqda

Xalqaro anjumanining dasturida jaxonning yetakchi ilmiy markazlari, jumladan Rossiya, Malayziya, Bolgariya, Qirg‘iziston, Chexiya va O‘zbekiston olimlarining 28 dan ortiq ma’ruzalari o‘rin olgan.
Sputnik
TOShKENT, 4 okt — Sputnik. Namanganda navbatdagi “Fizika-2022” xalqaro forumi ish boshladi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi matbuot kotibi Mohira Jumanova Sputnik muxbiriga ma’lum qilishicha, forumda 200 dan ortiq ilm-fan namoyondalari ishtirok etmoqda.
Mazkur forum Farg‘ona vodiysida fizika ilm fanining bugungi kuni va yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish istiqbollari muxokamasiga bag‘ishlangan.
Xalqaro anjumanining dasturida jaxonning yetakchi ilmiy markazlari, jumladan Rossiya, Malayziya, Bolgariya, Qirg‘iziston, Chexiya va O‘zbekiston olimlarining 28 dan ortiq ma’ruzalari o‘rin olgan.

Unda Yadro tadqiqotlari birlashgan institutidan (YaTBI, Dubna, Rossiya) 10 ga yaqin olimlar ishtirok etmoqda.

Rossiyalik astrofizik olimlarning maruzalaridan bugungi kunda astrofiziklarni tashvishga solayotgan masalalar, yadro tadqiqotlarining bugungi holati va kelajagi, radiokimoviy tadqiqotlar kabi mavzular o‘rin olgan.
Forumda O‘zbekistonning oliy o‘quv yurtlari rektorlari, akademiklar, professorlar, fizika fani bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlarini olib borayotgan ilm-fan namoyondalari ham ishtirok etmoqda.
Forum yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlardagi ilmiy tekshirish institutlari, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik shartnomlari imzolanadi.
Forumda quyidagilarga erishish ko‘zda tutilgan:
Ilmiy-innovatsion yo‘nalishlarda faol hamkorlik ishlarini olib borish, Sstajirovkalar tashkil etish;
Magistratura va doktorantura bosqichlari uchun qo‘shma ta’lim yo‘nalishi faoliyatini tashkil etish
Fundamental va amaliy qo‘shma loyihalari bo‘yicha xalqaro tanlovlarda ishtirok etish;
Ilmiy amaliy anjumanlar tashkil etish;
Xorijiy ilmiy institutlar bilan do‘stona aloqalarni yanada kengaytirish.
Ushbu forum doirasida Fanlar akademiyasi fizika va texnika yo‘nalishidagi institutlarda olingan eng so‘ngi amaliy ishlanmalari ko‘rgazmasi tashkil qilinmoqda.
Qolaversa, forum kunlari Farg‘ona vodiysidagi yosh olimlar, iqtidorli talaba-yoshlarning forumning yetakchi olimlari bilan ochiq muloqot uchrashuvlari tashkil etish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda fizika fani dunyoning yetakchi ilmiy markazlari kabi yuqori darajada rivojlanib bormoqda. O‘zbekistonlik olimlarning yutuqlari xalqaro miqyosda e’tirof etilgan. Ular xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlikda tadqiqotlar olib borishmoqda.