Chirchiqdagi zavodda ro‘y bergan portlashda hech kim zarar ko‘rmadi – “O‘zkimosanoat”

Aniqlik kiritilishicha, qisqa portlash “Maxam-Chirchiq” AJning Ammiak-1 ishlab chiqarish sexi sintez bo‘linmasida yuz bergan.
Sputnik
TOShKENT, 4 okt — Sputnik. Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi “Maxam-Chirchiq” zavodida ro‘y bergan portlash oqibatida ishchi xodimlar, korxonaning boshqa ishlab chiqarish maydonlari va aholi yashash punktlariga zarar yetmagan. Bu haqda “O‘zkimosanoat” matbuot xizmati xabar berdi.
“Shu bilan birga atrof-muhitga zararli gazlar tarqalmagan. Bu bo‘yicha barcha xavfsizlik choralari o‘z vaqtida ko‘rilgan”, - deyiladi xabarda.
Kompaniyaning aniqlik kiritishicha, “Maxam-Chirchiq” AJning Ammiak-1 ishlab chiqarish sexi sintez bo‘linmasida qisqa portlash yuz bergan. Natijada sexning sintez kolonnasida yong‘in kelib chiqqan.
Voqea joyiga bosh vazir o‘rinbosari – energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchiligidagi komissiya a’zolari zudlik bilan yetib borishgan va hozirda hodisa sabablari o‘rganilmoqda.
Yong‘inni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.