TOShKENT, 2 okt — Sputnik. G‘arbda Ukrainani keyingi bir necha oy ichida jang maydonida mag‘lub bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik va Rossiya bilan yadroviy mojarodan qochish uchun yagona yo‘l bor, u ham bo‘lsa diplomatiyaga qaytishdir. Bu haqda “The National Interest” nashri uchun AQSh armiyasining sobiq zobiti Devid Payn ma’lum qildi.
“AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainani qutqarish uchun zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va sulh tuzishga chaqirishi kerak”, deyiladi xabarda.
Muallifga ko‘ra, Bayden ma’muriyati Rossiyaga qarshi yangi iqtisodiy sanksiyalar qo‘llashdan bosh tortishi, Sharqiy Yevropaga qo‘shimcha AQSh qo‘shinlarini yuborishni to‘xtatishi va jangovar harakatlarni to‘xtatish evaziga Ukrainaga harbiy yordam berishdan voz kechishi kerak.
Paynning fikricha, tinchlik bitimidan keyin cheklovchi choralarning yumshatilishi G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalari tufayli yuzaga kelgan tanazzuldan aziyat chekayotgan millionlab amerikaliklarga iqtisodiy yengillik beradi.
24 fevraldan beri Rossiya Ukrainani denatsifikatsiya va demilitarizatsiya qilish bo‘yicha harbiy maxsus operatsiya o‘tkazmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin uning vazifasini “sakkiz yil davomida Kiyev rejimi tomonidan tahqirlangan va genotsidga uchragan odamlarni himoya qilish” deb atagan.
Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, yakuniy maqsad Donbassni ozod qilish va Rossiyaning o‘zi xavfsizligini kafolatlaydigan shart-sharoitlarni yaratishdir.