TOShKENT, 29 sen — Sputnik. Qirg‘iziston ta’lim va fan vaziri Almazbek Beyshenaliyev 110 ming dollar miqdorida pora olayotganda qo‘lga tushdi. Bu haqda Sputnik Qirg‘iziston xabar berdi.
“Mahalliy oliy ta’lim muassasalariga xorijlik talabalarni o‘qishga qabul qilish chog‘ida katta miqdordagi (110 ming AQSh dollari) pora olish fakti tekshirilmoqda”, - deyiladi xabarda.
Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, jinoyat ishi bo‘yicha keyinchalik, tergov natijalariga ko‘ra batafsil ma’lumot beriladi.
Almazbek Beyshenaliyev 2020-2021 yillarda Ta’lim va fan vazirligi rahbari bo‘lgan, biroq keyinchalik u lavozimidan ozod qilinib, mamlakatning Shveysariyadagi elchisi, shuningdek, Qirg‘izistonning BMTdagi doimiy vakili etib tayinlangan.
2022 yilning fevral oyida u yana vazir lavozimiga qaytgan. Almazbek Beyshenaliyev islohotlar o‘tkazish, jumladan, Qirg‘izistonni 12-yillik ta’limga o‘tkazish niyati bilan tanilgan.