Saudiya Arabistoni Haj va Umra vaziri O‘zbekistonga keldi

Mazkur tashrifdan asosiy maqsad – O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni podshohligi o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy, ilmiy-tadqiqot, turizm, transport sohasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.
Sputnik
TOShKENT, 28 sen - Sputnik. Kecha, 27-sentabr kuni Saudiya Arabistoni podshohligi haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, martabali mehmonlarni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov va bir guruh mutasaddilar kutib olgan.
“Mazkur tashrifdan asosiy maqsad – O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni podshohligi o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini takomillashtirish, ayniqsa, diniy-ma’rifiy, ilmiy-tadqiqot, turizm, transport sohasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan”, - deyiladi xabarda.