Prezident beshta tuman hokimini ishdan oldi

Ularning lavozimidan ozod etilishiga rahbarlik etikasi, xizmat vakolatidan chetga chiqish, fuqarolarga hurmatsizlik sabab bo‘lgan.
Sputnik
TOShKENT, 28 sen - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qarori bilan Andijon viloyatining Asaka, Andijon va Paxtaobod, Farg‘ona viloyatining Farg‘ona, Samarqand viloyatining Nurobod tumanlari hokimlari lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Qayd etilishicha, Asaka tumani hokimi Mansurbek Alixonov va Farg‘ona tumani hokimi Shuhratjon Mo‘minov yer munosabatlarini tartibga solishga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etmagani, faoliyatida yo‘l qo‘ygan boshqa jiddiy qonunbuzilish holatlari uchun egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Paxtaobod tumani hokimi Elorbek Usmonov va Nurobod tumani hokimi Sherali Yo‘ldoshevning ishdan ketishiga rahbarlik etikasi qoidalariga rioya etmagani, xizmat vakolatidan chetga chiqib qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygani, Andijon tumani hokimi Abdujabbor Egamberdiyevning ishdan ketganiga esa davlat xizmatchisi etikasiga nomunosib xatti-harakatlari, rahbarlik madaniyatini saqlamagani, o‘tkazilgan qabullarda fuqarolarga nisbatan hurmatsizlikka yo‘l qo‘ygani va faoliyatidagi boshqa kamchiliklari sabab bo‘lgan.