“Adabiyotimiz tarixida o‘chmas iz qoldirdi”: Xurshid Davron Jamol Kamol haqida

Xurshid Davron O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol nafaqat she’riyatda, balki o‘zbek tarjima san’atida ham o‘chmas iz qoldirganini ta’kidladi.
Sputnik
TOShKENT, 27 sen — Sputnik. Bugun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol 84 yoshida vafot etdi.
O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron Jamol Kamol o‘zbek adabiyotida tarixida mangu iz qoldirganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Jamol Kamol o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Zahiriddin Muhammad Bobur ruboiylarini yaxshi ko‘rgan. She’r yozishga bo‘lgan muhabbati ham aynan shu ruboiylar orqali boshlangan.
Xurshid Davron Jamol Kamol birinchi galda Erkin Vohidov va Abdulla Oripov safida turadigan darajada shoir bo‘lganini aytdi. Ular o‘zbek adabiyotida she’riy iqlimni o‘zgartirib yuborishgan, unga insoniy tuyg‘uni qayta olib kirishgan.
Adib Jamol Kamolning nafaqat she’riyatda, balki o‘zbek tarjima san’atida ham o‘chmas iz qoldirganini ta’kidladi. Uning Mavlono Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy ma’naviy” asarini tarjima qilgani tahsinga sazovor ekanini urg‘uladi.
“Bu hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Chunki bu asarlar qavat-qavat ma’noga ega. Har bir satr 10-12 ta ma’noga ega bo‘ladi. Ularni bilish, ularni o‘rganish, ularning ohangi va ma’nosini chiqarib berish har kimning qo‘lidan kelavermaydi. Jamol aka mana shu “Masnaviy”ning dastlabki tarjimoni sifatida adabiyotimiz tarixida qoladi”, - dedi Xurshid Davron Sputnik muxbiri bilan suhbatda.
U buyuk shoirlarning hayoti tugasa ham, lekin uning umri she’rlari va asarlari orqali davom etishini qayd etdi.