TOShKENT, 27 sen — Sputnik. Fransiyadagi Luvr muzeyida 23-noyabr kuni ilk bor O‘zbekistonning boy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochiladi. U “O‘zbekiston vohalarining xazinalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” deb nomlanadi. Bu haqda Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
Ko‘rgazmada hozirgi O‘zbekistonning janubiy hududidan o‘tgan Buyuk Ipak yo‘li haqida hikoya qilinadi. Unda qariyb ikki ming yillik davrni qamrab oluvchi 169 ta eksponat, jumladan, O‘zbekistonning 16 ta muzeyidan 138 dona osori-atiqa, shuningdek, dunyoning yetakchi muzeylaridan 31 ta muzey ashyosi namoyish etiladi.
Bu loyihaga so‘nggi bir necha yil davomida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi jamoasi Luvr muzeyi kuratori Yannik Lins, ilmiy kurator Rokko Rante hamda loyihaning ilmiy maslahatchisi Shokir Pidayev bilan hamkorlikda puxta tayyorgarlik ko‘rgan.