Yevropada energiya narxining oshishiga Brussel sanksiyalari sabab bo‘ldi – Orban

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Yevropadagi narxlarning oshishi va inflyatsiyani Yevropa Ittifoqi sanksiyalari oqibati deb atadi.
Sputnik
TOShKENT, 26 sen — Sputnik. Yevropada energiya narxining oshishi va inflyatsiya faqat Brussel sanksiyalari natijasidir. Bu haqda Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban ma’lum qildi.
Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, ushbu cheklovlar tufayli energiya narxi bir necha barobar oshgan va bu o‘z navbatida barcha mamlakatlarda inflyatsiyaning oshishiga olib kelgan.

“Energiya narxining oshishi inflyatsiyani keltirib chiqardi. Energiyaning bu dahshatli narxlari iqtisodiy jarayonlarning oqibati emas. Energetika narxlarining yuqori o‘sishiga sanksiyalar sabab bo‘ldi. Shuning uchun energiya narxining oshishiga iqtisodiyot emas, balki siyosat, ya’ni Brussel qarorlari sabab bo‘lmoqda”, - dedi Orban Vengriya parlamentidagi nutqida. Uning so‘zlaridan RIA Novosti iqtibos keltirdi.

Avvalroq, Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyarto respublika Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalariga qo‘shilishni rejalashtirmayotgani, bu Vengriya energetika tarmog‘i xavfsizligiga jiddiy zarar yetkazishi mumkinligini aytgan edi.
G‘arb Ukraina tufayli Rossiyaga nisbatan sanksiyalar bosimini kuchaytirdi, bu esa Yevropa va Qo‘shma Shtatlarda elektr energiyasi, yoqilg‘i hamda oziq-ovqat narxining oshishiga olib keldi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiyani jilovlash va zaiflashtirish siyosati G‘arbning uzoq muddatli strategiyasi ekanligini va sanksiyalar butun jahon iqtisodiyotiga jiddiy zarba berganini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arbning asosiy maqsadi millionlab odamlar hayotini yomonlashtirishdir.