Belarus olti oyga don eksportini taqiqladi

Belarusning don eksportini taqiqlashi yangilik emas. Mamlakat avval ham don eksportiga cheklov joriy qilgan va u yarim yil davomida amalda bo‘lgan. Cheklov o‘tgan yillarga nisbatan kamroq hosil tufayli joriy qilingan.
Sputnik
TOShKENT, 24 sen — Sputnik. Belarus don ekinlarini mamlakatdan tashqariga olib chiqish uchun qo‘yilgan taqiqni olti oyga uzaytirdi. Mamlakat bosh vaziri Roman Golovchenko tomonidan imzolangan Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bugun milliy huquqiy internet portalida e’lon qilindi.
“Ilovaga muvofiq ro‘yxat bo‘yicha tovarlarni ishlab chiqarilgan mamlakatidan qat’i nazar, Belarus Respublikasidan tashqariga, xususan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a’zo davlatlarga olib chiqishni vaqtinchalik taqiqlash belgilansin”, - deyiladi hujjatda.
Qaror xalqaro gumanitar yordam ko‘rsatish maqsadida eksport qilinadigan yoki xalqaro tranzit tashish doirasida YeOII bojxona hududidan tashqariga olib chiqiladigan tovarlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Eksporti taqiqlangan tovarlar ro‘yxatiga bug‘doy, javdar, arpa, makkajo‘xori, tariq, grechka, jo‘xori kabi 19 nomdagi don mahsulotlari kiradi.
Taqiq yangilik emas
2021 yil avgust oyi oxirida Belarusda bug‘doy, javdar, arpa, jo‘xori, makkajo‘xori, grechka, tariq va boshqa don ekinlari eksportiga olti oylik taqiq joriy qilingan edi.
Vazirlar Mahkamasi bu taqiqning ichki bozor ehtiyojlarini qondirish maqsadida joriy etilgani, kutilganidan bir oz kam g‘alla hosili olingani bilan izohlagan.
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko may oyida mamlakat 2022-yilda don ekinlarini eksport qilmasligini va barcha zaxiralarni ichki ehtiyojlarga yo‘naltirishini aytgan.
Mart oyi o‘rtasida Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlariga don va uchinchi davlatlarga shakar eksportini vaqtinchalik taqiqlash haqidagi farmonni imzoladi. Taqiq iyul oyiga qadar davom etdi. Rossiya don ittifoqi joriy yilgi don eksportini 44 million tonnagacha bashorat qilgan.