TOShKENT, 21 sen — Sputnik. Olmaota shahridagi “Ken Dala” biznes markazida O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasining Qozog‘istondagi vakolatxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqida “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Tadbirda O‘zRTXB raisi Ziyoviddin Badriddinov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi, Qozog‘iston ishbilarmon doiralari vakillari, Bosh konsullik xodimlari ishtirok etdi.
O‘zRTXB raisining so‘zlariga ko‘ra, Olmaota shahrida O‘zRTXB vakolatxonasining ochilishi birja savdosining bozor mexanizmi imkoniyatlaridan foydalangan holda tadbirkorlar va tovar ishlab chiqaruvchilarning ikki qardosh davlatning tovar bozorlariga o‘zaro kirishini osonlashtirishga qaratilgan.
Shuningdek, birjada savdo hajmini oshirish, xorijiy hamkorlar, jahonning yetakchi birjalari, xalqaro moliya tashkilotlari va tuzilmalari bilan aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, birja savdolarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda tashqi savdo maydonchalari tarmog‘i haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuvda tomonlarning elektron platformalarida birja savdolarini tashkil etish bo‘yicha tajriba almashish, birja savdosining zamonaviy shakllari, usullari va texnologiyalarini shakllantirish va takomillashtirishda o‘zaro yordam ko‘rsatish kabi amaliy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.