Sankt-Peterburgdan keltirilgan noyob otlar fotoqopqonga tushdi - video

Ayni vaqtdagi Prjevalskiy otlari soni 18 boshni tashkil qiladi.
Sputnik
TOShKENT, 19 sen — Sputnik. "Jayron" Buxoro ixtisoslashgan pitomnigiga o‘rnatilgan fotoqopqon noyob tur bo‘lgan Prjevalskiy otlarini tasvirga oldi. Bu haqida Davlat ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.
Aytilishicha, mazkur otlar O‘zbekiston faunasi uchun xos bo‘lmagan tur hisoblanadi. Xalqaro “Qizil kitob”ga D mezoni bo‘yicha (EN) “Endangered” toifasida, ya’ni “Yo‘q bo‘lib ketayotgan” tur sifatida kiritilgan.
“Otlar 1987-yilda Moskva va Sankt-Peterburg hayvonot bog‘laridan 2 bosh olib kelingan. Dastlab tutqunlikda saqlab ko‘paytirilib, keyinchalik 1992-yilda pitomnik hududiga qo‘yib yuborilgan”, deyiladi xabarda.
Kuzatuvlarga ko‘ra, pitomnik hududidagi ayni vaqtdagi soni 18 boshni tashkil qiladi.
Ma’lumot uchun, “Jayron” pitomnigi Qizilqum cho‘lining janubi-g‘arbida joylashgan bo‘lib, 40-yildan ortiqroq vaqt mobaynida bu yerda kamob jonivorlar ko‘paytirib kelinmoqda. Pitomnikning faoliyati tufayli jayronlar, qulonlar, Prjevalskiy otlari, buxoro tog‘ qo‘ylari, buxoro bug‘ulari va boshqa jonivorlar populyatsiyasi tobora o‘sib bormoqda.