TOShKENT, 18 sen — Sputnik. Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a’zo bo‘lish Turkiyaning maqsadidir. Bu haqda Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an ShHTning Samarqand sammiti yakuni bo‘yicha ma’lum qildi.
“Endi bizning keyingi harakatlarimiz bu bo‘yicha qadamlarimiz bo‘ladi. Maqsadimiz ham shundan iborat”, - deya javob berdi Erdog‘an jurnalistning Turkiya ShHT a’zosi bo‘lish masalasini ko‘rib chiqapti degan savoliga. Uning so‘zlaridan “Anadolu Agency” iqtibos keltirgan.
Turkiya yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, bu masala Hindiston ShHTga raislik qiladigan kelgusi muzokaralarda kun tartibiga olib chiqiladi.
“Bu qadam bilan bizning munosabatlarimiz bu mamlakatlar (ShHT a’zolari) bilan mutlaqo boshqa darajaga ko‘tariladi”, - deya qo‘shimcha qildi Turkiya yetakchisi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Rejep Tayyip Erdog‘an 15-16 sentabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan ShHT Davlat rahbarlari kengashi majlisida faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi.
ShHT - 2001-yilda tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Unga Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Pokiston va O‘zbekiston a’zo.
Kuzatuvchi davlatlar – Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston, hamkor davlatlar – Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka.
ShHTning Samarqand sammiti doirasida Eronning tashkilotga to‘laqonli a’zo sifatidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi. Belarusga ShHT to‘laqonli a’zosi maqomini berish tartibini boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Bundan tashqari, Misr va Qatarga ShHTning muloqot bo‘yicha hamkori maqomi berildi. Bahrayn Podshohligi, Kuvayt, Maldiv, Birlashgan Arab Amirliklari va Myanmaga – muloqot bo‘yicha sheriklar maqomini berish jarayonlari ham boshlangan.